1-laboratoriya mashg‘uloti
Mavzu: Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining botanikadan DTS, o‘quv dasturi va darsliklarning tahlili.
 Laboratoriya mashg‘ulotining maqsadi:
Talabalarni umumiy o‘rta ta’lim maktablarining botanikadan DTS, o‘quv dasturi bilan tanishtirish, darsliklarda berilgan mavzularni tahlil qilishga o‘rgatish;

Mashg‘ulot davomida talaba:

  • Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun tuzilgan davlat ta’lim standar­ti­ni bajarish Respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ta’lim muassasalari uchun majburiy ekanligini bilishi;
·        Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining botanikadan tuzilgan davlat ta’lim standartining mazmuni va mohiyati, ularni ishlab chiqish va joriy etish asoslarini anglashi;
·        Botanikadan tuzilgan davlat ta’lim standarti mazmunining o‘quv dasturi bilan uzviyligini tushunishi;
  • Botanikadan tuzilgan davlat ta’lim standartida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmasiga qo‘yilgan minimal  va maksimal talablarni o‘rganishi, ularni nazorat qilish va baholash ko‘nikmalari;
·        Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining botanikadan DTS, o‘quv dasturi va darsliklarni tahlil qilish ko‘nikmasini egallashi;
  • Botanikadan  tuzilgan davlat ta’lim standartini amaliyotga joriy etish yo‘llarini belgilashi lozim.
Zarur jihozlar: Biologiyadan tuzilgan davlat ta’lim standarti, o‘quv

                     dasturi, 5 va 6-sinf uchun “Botanika” darsliklari,

                     “Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturining uzviyligi” 

                     jadvali.

Laboratoriya mashg‘ulotida foydalaniladigan pedagogik texnologiya: Hamkorlikda o‘qitish texnologiyasining kichik guruhlarda ishlash metodi.

Laboratoriya mashg‘ulotining borishi:

  1. Tashkiliy qism.
  2. Talabalarni laboratoriya mashg‘ulotining maqsadi, borishi, mustaqil bajariladigan o‘quv topshiriqlari bilan tanishtirish.
  3. Botanikadan  tuzilgan davlat ta’lim standartining mazmuni va mohiyati bilan tanishtirish.
  4. Botanikadan  tuzilgan davlat ta’lim standartida berilgan o‘quvchilar­ning egallagan bilim va ko‘nikmasiga qo‘yilgan minimal  va maksimal talablarni o‘rganish.
  5. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining botanikadan o‘quv dasturi va dars­lik­larni tahlil qilish.
  6. Laboratoriya mashg‘ulotini yakunlash.

O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’limni joriy etishning ilmiy-nazariy asosi bo‘lgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida “Davlat ta’lim standartlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi. Davlat ta’lim standartlarini bajarish O‘zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir” deb belgilab qo‘yilgan.

      Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ro‘yobga chiqarishning birinchi bosqichida yuqorida qayd etilgan ta’lim muassasalari uchun DTS ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 16-avgustdagi Qaroriga binoan amaliyotga joriy etildi.

Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini ishlab chiqishda quyidagi prinsiplar asos qilib olingan:

  • davlat ta’lim standartining davlat va jamiyat talablariga, shaxs ehtiyojiga mosligi;
  • o‘quv dasturlari mazmunining jamiyatimizda ro‘y berayotgan ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, fan-texnika taraqqiyoti bilan bog‘liqligi;
  • umumiy o‘rta ta’limning uzluksiz ta’limning boshqa turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va ta’lim mazmunining uzviyligi;
  • umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi;
  • ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitliligi;
  • umumiy o‘ rta ta’lim mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya texnologiyalariga tayanish;
  • o‘qituvchilarning pedagogik tafakkurida qaror topgan an’anaviy qarashlar bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” da ifodalangan zamonaviy talablarning uzviyligi;

Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti o‘quvchilar umumta’lim tayyorgarligiga, saviyasiga qo‘yiladigan majburiy minimal darajani belgi­lab beradi.

Davlat ta’lim standarti ta’lim mazmuni, shakllari, vositalari, usulla­ri­ni, uning sifatini baholash tartibini belgilaydi.

Davlat ta’lim standarti o‘z mohiyatiga ko‘ra o‘quv dasturlari, darsliklar, qo‘llanmalar, Nizomlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Biologik ta’lim umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etiladigan pedagogik jarayonning ajralmas va uzviy bog‘langan tarkibiy qismi sifatida mazkur ta’lim muassasasi oldiga qo‘yilgan umumiy maqsadlarga muvofiq barkamol o‘quvchi shaxsini tarbiyalashga xizmat qiladi.

Biologiya – tirik tabiat, hayot, uning kelib chiqishi, taraqqiyotining barcha jihatlari haqidagi fanlar majmuasidan iborat bo‘lib, umumta’lim maktablarida biologiya ta’limining roli shu fanning jamiyat taraqqiyoti­da­gi ahamiyati bilan belgilanadi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida biologiyani o‘qitish 5-sinfda “Botanika” ni o‘rganishdan boshlanib (haftasiga 1-soatdan, jami 34-soat), 6-sinfda “Botanika”ni o‘rganish (haftasiga 2-soatdan, jami 68-soat) davom ettiriladi.

Biologik ta’limning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • o‘quvchilarni asosiy biologik tushunchalar, yetakchi g‘oyalar, ilmiy dalillar, qonunlar, ilmiy bilish usullari, organik olamning manzarasini shakllantirishga oid bilimlar bilan tanishtirish;
  • tirik tabiat va uning taraqqiyoti jarayonida vujudga kelgan moslanishlarning mexanizmlari haqida ma’lumot berish;
  • o‘quvchilarni organizmlarning hayoti, ularning individual va tarixiy rivojlanishining asosiy qonunlari, molekula, hujayra, organizm, populyatsiya, tur darajalaridagi biologik hodisa va jarayonlar haqidagi bilimlar bilan qurollantirish, ularning biologiyani o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va qobiliyatlarini o‘stirish kelgusidagi uzluksiz ta’lim tizimini davom ettirishlari uchun zamin tayyorlash;
  • o‘quvchilarni o‘zlarining va o‘zgalarning salomatligini saqlashga, sog‘lom turmush tarzini tarkib toptirishga yo‘naltirish;
  • biologiya ta’limi mazmuni  hozirgi ijtimoiy hayot va fan-texnika taraqqiyoti bilan mustahkam bog‘lanishini ta’minlash asosida o‘quvchilarni ongli ravishda kasb tanlashga yo‘naltirish;
  • tabiatga, uning barcha boyliklariga oqilona munosabatda bo‘lish fazilatlarini yosh avlod ongiga singdirish;
  • biologiya ta’limi mazmunini o‘lkashunoslik materiallari bilan boyitish, biologiya bilimlar zaminida mahalliy o‘simlik va hayvon turlari, seleksiya yutuqlari, qadimda yashab ijod etgan buyuk alloma­la­­rimiz va hozirgi olimlarimizning biologiyaga oid ishlari bilan tanishtirish orqali o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

Yuqorida keltirilgan vazifalarni nazorat qilish Davlat ta’lim standar­ti orqali amalga oshiriladi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining biologiyadan davlat ta’lim standar­ti o‘quv fani bo‘yicha o‘quvchilarga beriladigan bilimlar miqdori, ular egallaydi­gan ko‘nikma va malakalarning hajmini (BKM-bilim, ko‘nikma va malaka) ko‘rsatuvchi me’yor bo‘lib, u umumiy o‘rta ta’lim maktablarida biologiya ta’limi mazmunining negizini belgilovchi ko‘rsatkichlar hamda o‘quvchilar­ning biologik tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar majmuasidan iborat bo‘lgan rasmiy hujjat bo‘lib hisoblanadi.

“Ta’lim mazmuni negizini belgilovchi ko‘rsatkichlar” umumiy o‘rta ta’lim maktablarida biologiyadan beriladigan bilimlarning minimal darajasini, ya’ni ta’lim mazmunining negizini ifodalaydi. Mazkur ko‘rsatkichlar umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun biologiya o‘quv fani dasturi va darsliklarini yaratishda hamda ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etishda mo‘ljal vazifasini bajaradi.

Biologiya ta’limi standartidagi “O‘quvchilarning tayyorgarlik daraja­siga qo‘yiladigan minimal talablar” o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi shart bo‘lgan ko‘rsatkichlarni ifodalaydi. Bunda o‘quvchilarning bilishi, anglashi, amaliy ishlarni bajara oladigan ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash va ularning sifatini aniqlashga imkon beradi. Belgilangan ko‘rsatkich va talablar biologiya ta’limining asosiy sifatlarini baholashda o‘lchov bo‘lib xizmat qiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining biologiyadan davlat ta’lim standartida keltirilgan ko‘rsatkich va talablar maktab biologiya ta’limi mazmunini to‘liq qamrab oladi va o‘zaro bog‘lanuvchi uch yo‘nalishga bo‘linadi:

  1. Organizm – biologik sistema;
  2. Ekologik sistemalar;
  3. Organik olam evolyusiyasi;

Ushbu ta’lim standartining “Ta’lim mazmuni negizini belgilovchi ko‘r­satkichlar”  va “O‘quvchilarning tayyorgarlik daraja­siga qo‘yiladigan mi­ni­mal talablar” biologiya ta’limi mazmunining yuqorida keltirilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim uchun ko‘rsatkich va talablar ifodalanadi.

Biologik ta’limning dastlabki o‘quv fani bo‘lgan “Botanika”dan o‘quvchilarning bilim malakasiga bo‘lgan asosiy talablar etib quyidagilar belgilangan.

O‘quvchilar:

  • Gulli o‘simliklar organlarining tuzilishini, o‘simliklarning hu­jay­ra tuzilishini, o‘simlik hujayrasining tarkibiy qismlari, to‘qimalar;
  • O‘simliklarning hayotiy shakllari: daraxt, buta, chala buta, bir yillik, ikki yillik va ko‘p yillik o‘tlarga bo‘linishini:
  • Kuzda va bahorda o‘simliklar hayotida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni;
  • Ildiz, uning ichki va tashqi tuzilishini, suv va mineral moddalar shimilishi;
  • Poya, kurtak. Ularning xillari;
  • Gul, uning tuzilishi, xillari. To‘pgullar.
  • Meva va urug‘lar, ularning xillari haqidagi bilimlarni;
  • O‘simlik organlarining asosiy hayotiy vazifalarini: organik moda­lar­ning hosil bo‘lishi, nafas olish, suv bug‘lantirish, moddalarning harakatlanishi;
  • O‘simliklarning tabiatdagi roli va inson hayotidagi, xalq xo‘jaligidagi ahamiyatini, o‘simliklarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish tadbirlarini;
  • O‘simliklarning urug‘dan va vegetativ organlaridan ko‘payishini;
  • O‘simliklar hayotining jonli va jonsiz tabiat omillari bilan bog‘liqligini, o‘zaro birga yashashga moslashganligini;
  • Tur, turkum, oila, sinf haqidagi ma’lumotlarni, gulli o‘simliklar sinf­lari va oilalarining mahalliy sharoit uchun xos bo‘lgan asosiy, mahalliy o‘simliklarning kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini;
  • O‘simliklar olamining tarixiy rivojlanishi jarayonida o‘simliklar tuzilishining murakkablashib borish belgilarini bilishi kerak.

Botanikadan tuzilgan DTS ida o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilimlar bilan bir qatorda ular egallashi kerak bo‘lgan ko‘nikma va malakalar ham berilgan. Jumladan, botanikani o‘rganish davomida o‘quvchilar quyidagi ko‘nikma va malakalarni egallashi qayd etilgan:

  • Gulli o‘simliklarning organlarini taniy bilishlari;
  • O‘simliklarning oziqlanishi, nafas olishi, o‘sish jarayonlarini aniq­lash maqsadida kuzatishlar, oddiy tajribalar o‘tkazishlari;
  • Yerni yumshatish, sug‘orish, chopiq qilish, ko‘chatlarni ko‘chirib o‘tkazish, o‘g‘itlash;
  • Tabiatda o‘simliklar dunyosidagi mavsumiy o‘zgarishlarni kuzatishni kuza­tish natijalarini rasmiylashtirishni;
  • Kattalashtirib ko‘rsatadigan asbob va mikroskoplardan foydalanishni;
  • Mikropreparatlar tayyorlashni va ularni mikroskopda ko‘rishni;
  • O‘simliklarni parvarish qilishni bilishlari, maktab va yashash joyini ko‘kalamzorlashtirishda qatnashishi, xona o‘simliklarini tanishi;
  • Qalamcha tayyorlashni va qalamchalardan ko‘paytirishni, payvandlashni;
  • Darslikdagi matn va rasmlar bilan ishlashni uddalay olishi kerak.
  • Muhim belgilarni aniqlash maqsadida eng asosiy ekinlarni, o‘rganil­gan oila turlarini taniy bilishi;
  • O‘simliklarning turlarini aniqlagichdan foydalanib aniqlay olishi;
  • Maktab oldi tajriba maydonchasida ishlashi, o‘simliklarning biolo­giya­siga oid bilimlarni ekinlarni parvarish qilishda qo‘llay olishi;
  • Darslik mundarijasidan yordamida mo‘ljal olishni bilish, matn va rasmlar bilan ishlay olishi, paragraf mavzuning asosiy mazmunini farqlay olishi, savollarga javob bera olishi;
  • Biologik atamalar lug‘ati bilan ishlay olishi kerak.

Yuqorida qayd etilganidek, botanikadan tuzilgan DTS bajarish majburiy bo‘lib biologiya o‘qituvchilarining zimmasiga yuklanadi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida botanikadan tuzilgan DTS baja­ri­­lishi “O‘quvchilar­ning o‘zlashtirgan bilimlarini nazorat qilish va baholashning Reyting tizimi” orqali aniqlanadi.

         Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida botanikadan tuzilgan DTSda qayd etilgan maksimal talablar asosida o‘quv dasturi tayyorlanadi. O‘quv dasturida o‘quv fani bo‘yicha o‘rganiladigan bob va mavzular o‘quvchilarning yoshlik va psixologik xususiyatlari, mavzu­lar o‘rta­si­dagi uzviylik va izchillik asosida mantiqiy bir tizimga keltirilgan holda beriladi. O‘quv dasturida o‘rganiladigan boblar ularni o‘rganish uchun ajratilgan soatlar ko‘rsatiladi, mazkur boblar tarkibiga kiradigan mavzularning qisqacha mazmuni yoritiladi. Botanikadan tuzilgan o‘quv dasturi mazkur o‘quv fani­ning mazmunini belgilab beradigan va bajarilishi majburiy bo‘lgan me’yoriy hujjat sanaladi.

5-sinfda o‘qitiladigan “Botanika” o‘quv fani quyidagi boblar va mavzularni o‘z ichiga oladi.

BoblarSoat
 Kirish1
 Botanika fanining rivojlanish tarixi2
 Gulli o‘simliklar bilan umumiy tanishish3
 Hujayra7
 Ildiz6
 Poya8
 Barg7

 Jami 34 soat

Belgilangan qoidaga muvofiq ba’zi hollarda biologiya o‘qituvchisi mahalliy sharoit, umumta’lim maktablarining moddiy-texnika bazasi, o‘quvchilarning o‘quv faniga bo‘lgan qiziqishlarini hisobga olgan holda mavzular ketma-ketligi, ularga ajratilgan soatlarni 10 foizgacha o‘zgarti­ri­shi mumkin.

6-sinfda o‘qitiladigan “Botanika” o‘quv fani quyidagi boblar va mavzularni o‘z ichiga oladi.

Boblarsoat
1.Kirish1
2.O‘simliklarning vegetativ ko‘payishi2
3.Gul6
4.Meva va urug‘8
5.O‘simlik yaxlit organizm2
6.O‘simliklar sistematikasi37
7.O‘zbekistonning o‘simlik boyliklari3
8.O‘simlik va tashqi muhit4
9.Yerda o‘simliklarning rivojlanishi2
10Manzarali o‘simliklar3

Jami 68 soat

O‘quv fani bo‘yicha tuzilgan dastur darslik yozishga asos bo‘ladi.

         Respublikamizda “Uzluksiz ta’lim tizimi uchun o‘quv adabiyotlari­ning yangi avlodini yaratish Konsepsiyasi”da umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun yaratiladigan darsliklarning yangi avlodiga qo‘yiladigan umumiy va xususiy talablar ishlab chiqilgan. Mazkur talablar darslikka qo‘yiladigan pedagogik, psixologik, didaktik, metodik va estetik talablarni o‘zida mujassamlashtiradi. Ushbu talablarning eng asosiysi darslik shu fan bo‘yicha tuzilgan DTS ga mos kelishi, o‘quvchilarning yoshlik va psixologik xususiyatlarini hisobga olinishi, darslik dizayni estetik talablarga javob berishi va rasmlar mazmunni yoritishi, fan yutuqlari o‘z aksini topishi, o‘quvchilarni mustaqil va ijodiy fikr yuritishga yo‘llashi, ularning ongi va qalbiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirishga imkon berishi zarur.

Respublikamiz maktablarining 5-sinfida O‘. Pratov, A.S. To‘xtaev, F.O‘. Azimovalar tomonidan nashr etilgan darslikdan foydalaniladi.[1] Umumta’lim maktablarining 6-sinfida shu mulliflar tomonidan nashr etilgan darslikdan foydalaniladi.[2]

Mazkur darslikni yuqorida qayd etilgan talablar asosida tahlil qilinsa, uning yutuqlari ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Darsliklar DTS va o‘quv dasturiga mos keladi. Rasmlar rangli, mavzularning mazmunini yoritishga xizmat qiladi. Har bir mavzu yakunida o‘quvchilarning mustaqil va ijodiy fikrlashi uchun savol, topshiriqlar va krossvordlar berilgan. O‘quvchilar ongi va qalbiga milliy istiqlol g‘oyasini singdirishga imkon beradigan materiallar kiritilgan.

Shu bilan bir qatorda darsliklarni mukammal deb ham bo‘lmaydi, ularda muayyan kamchiliklar ham uchraydi. Darslik akademik tilda yozilgan, tili og‘ir shu jihatdan o‘quvchilarning so‘z boyligi hisobga olinmagan. Ba’zi mavzularda asosiy tushunchalarga ta’rif va ta’sif berilmagan, faqat sanab ketilgan. Oilalarni o‘rganishda o‘quvchilarga notanish bo‘lgan o‘simliklar olingan va h. k. Biologiya o‘qituvchisi darsliklardagi kamchi­lik­larni aniq bilishi va unga darslar davomida barxam berishi lozim.

Biologik ta’lim mazmunida tushunchalarni mazmun va mohiyatiga ko‘ra umumiy biologik tushunchalar va xususiy tushunchalarga ajratiladi. Umumiy biologik tushunchalar biologiya fanining barcha tarmoqlarida foydalani­la­di va ularga misol qilib hujayra, irsiyat va o‘zgaruvchanlik, mod­da va ener­giya almashinuvi, organizm va ekologik muhit, organizmlar­ning ko‘payishi va rivojlanishi, organizmlarning evolyusiyasi kabilarni olish mumkin.

Xususiy tushunchalar biologiya fanining muayyan tarmog‘ida foydalanila­di va ularga botanikadagi plastida, fotosintez, changlanish, mexanik, assi­mitsiyalovchi, hosil qiluvchi to‘qimalarni misol tariqasida keltirish mumkin.

Botanikani o‘qitish mazmunida o‘quvchilarda morfologik, anatomik, fiziologik, genetik, sistematik, ekologik, evolyusion, gigienik tushunchalarni shakllantirish nazarda tutilgan. Mazkur tushunchalar har bir mavzuni o‘rganishda bir-biri bilan uzviy shakllantiriladi. Mavzularning tahlili, ularda mazkur tushunchalarning nisbati teng emas­li­gini ko‘rsatadi. Ba’zi mavzularni o‘rganishda morfologik tushunchalar yetakchi o‘rinni egallaydi. Masalan, “Ildizning tashqi tuzilishi”, “Oddiy va murakkab barglar”, “Poyalarning xilma-xilligi”. Bunday mavzularni morfologik mazmundagi mavzular va mos ravishda mazkur mavzularni o‘rganishga bag‘ishlangan darslar morfologik mazmundagi darslar deyiladi.

“Hujayra”, “Ildiz zonalari”, “Poyaning ichki tuzilishi”, “Barglarning hujayraviy tuzilishi” mavzularida anatomik tushunchalar ustunlik qiladi. Shu sababli bu mavzular anatomik mazmundagi mavzular va mos ravishda anatomik mazmundagi darslar deyiladi. Xuddi shunday misollarni fizio­lo­gik, genetik, sistematik, ekologik evolyusion, gigienik mazmundagi darslarga ham keltirish mumkin.

Xulosa qilib aytganda botanikadan tuzilgan DTS “Ta’lim mazmuni negizini belgilovchi ko‘rsatkichlar” va “O‘quvchilarning tayyorgarlik daraja­siga qo‘yiladigan minimal va maksimal talablar” ni o‘z ichiga olib, u dastur va darslik yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

TALABALARNING BILIMLARINI MUSTAHKAMLASh UChUN O‘QUV TOPShIRIQLARI

O‘FE O‘quv materialini mustaqil o‘zlashtirish uchun o‘quv topshiriqlariTopshiriqni baja­rish bo‘yi­cha ko‘rsatma
1-O‘FEMaqsad: Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun tuzilgan DTS ning mazmun va mohiyatini o‘rganish. Laboratoriya mashg‘uloti matnini o‘rgani­ng va quyidagi savollarga javob toping: 1. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida DTSni joriy etishning nazariy va huquqiy asoslarini aniqlang. 2. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun DTS ishlab chiqishda qaysi prinsiplar asos qilib olingan? 3. DTS nimalarni belgilashini aniqlang.    Kichik guruh a’zo­lari bilan hamkorlikda ishlang Talabalar bilan o‘tkazila­di­gan savol-javobda faol ishtirok eting
2-O‘FEMaqsad: DTS ning tarkibiy qismlarini o‘rganish. Laboratoriya mashg‘uloti matnini o‘rgani­ng va quyidagi savollarga javob toping: O‘quv fanlari bo‘yicha tuzilgan DTS nimalar uchun asos bo‘lib xizmat qilishini aniqlang.O‘quv fanlari bo‘yicha tuzilgan DTS nimalarni o‘zida mujassamlashtiradi?DTS ning “Ta’lim mazmuni negizini belgilovchi ko‘rsatkichlar” tarkibiy qismi qanday vazifani bajaradi?DTSning “O‘quvchilarning tayyorgarlik daraja­siga qo‘yiladigan minimal va maksimal talablar” nimalarni ifodalaydi?Kichik guruh a’zo­lari bilan hamkorlikda ishlang   Talabalar bilan o‘tkazila­di­gan savol-javobda faol ishtirok eting
3-O‘FEMaqsad: Botanikadan tuzilgan DTS ni tahlil qilish. Laboratoriya mashg‘uloti matnini o‘rgani­ng va quyidagi savollarga javob toping: Biologiyadan tuzilgan DTS da “Ta’lim mazmuni negizini belgilovchi ko‘rsatkich­lar” va “O‘quvchilar­ning tayyorgarlik da­ra­ja­siga qo‘yiladigan talablar” qanday yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi? Mazkur yo‘nalishlarning mazmuni va mohiyatini tushuntiring.Botanikadan tuzilgan DTS da “O‘quv­chi­larning tay­yor­garlik daraja­siga qo‘yilgan talablar”ni o‘rganing.Mazkur talablarni ta’lim-tarbiya jarayonida amal­ga oshirish yo‘llarini belgilang va 1-jadvalni to‘ldiring.Kichik guruh a’zo­lari bilan hamkorlikda ishlang Talabalar bilan o‘tkazila­di­gan savol-javobda faol ishtirok eting
4-O‘FEMaqsad: Botanikadan tuzilgan o‘quv das­turi va darslikni tahlil qilish. Botanikadan tuzilgan o‘quv das­turi va darsliklarni quyidagi tartibda ko‘rib chiqing: O‘quv dasturidagi mavzularning ketma-ketligida uzviylik mavjudmi?Darslikdagi mavzular ketma-ketligi o‘quv das­turiga mos ravishda berilgan­mi? Darslikni tahlil qiling uning yutug‘i  va kamchilik­la­rini ko‘rsating.Kichik guruh a’zo­lari bilan hamkorlikda ishlang Talabalar bilan o‘tkazila­di­gan savol-javobda faol ishtirok eting

1-jadval

Botanikadan tuzilgan DTS tahlili

NBotanikadan o‘quvchilarning bilimiga qo‘yilgan talablarQaysi mavzularda tarkib toptiri­ladiQaysi mavzu­lar­da rivojlanti­ri­ladi
1Gulli o‘simliklar organlari­ning tuzilishi  
2O‘simliklarning hujayraviy tuzilishi  
3O‘simlik hujayrasining tar­ki­­biy qismlari  
4O‘simlik to‘qimalari  
5O‘simliklarning hayotiy shakl­­­lari  
6Kuzda va bahorda o‘simliklar hayotida ro‘y beradigan o‘zga­rish­lar  
7Gul, uning tuzilishi, xillari.  

[1] Њ. Pratov, A.S. Tњxtaev, F.Њ. Azimova Botanika 5-sinf uchun darslik. T., “Њzbekiston” 2003 yil

[2] Њ. Pratov, A.S. Tњxtaev, F.Њ. Azimova. Botanika 6-sinf uchun darslik. T., Њzbekiston” 2003 yil